Muallif: K.Suvonova
Chop etilgan yil: 2020
Nashriyot: Samarqand viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi bosmaxonasi
Chop etilgan shahar: Samarqand viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy
Mustaqillik yillarida yurtimizda tarixni yozma manbalar asosida tadqiq etishga e’tibor kuchaydi, ajdodlarimiz tomonidan uzoq o‘tmishda yaratilgan madaniy-ma’naviy merosni o‘rganish va targ’ib qilish dolzarb masalalar qatoriga qo‘yildi. Ilm-fan, madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning unutilgan nomlari qayta tiklandi. Mohir sarkarda, davlat arbobi, ilm-fan, madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur ana shunday tarixiy shaxslardan biridir. Hazrat sohibqiron markazlashgan davlatga asos soldi, uni har tomonlama mustahkamlab, rivojlantirib, shon-shuhratini butun jahonga yoydi, buyuk saltanatning hukmdori sifatida millatlar va halqlarni birlashtirdi. Uning hukmdorlik yillarida madaniyat, ilm-fan, me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa va she’riyat yuksak cho‘qqiga ko‘tarildi. Bir so‘z bilan aytganda, temuriylar davri renesansiga asos solindi. O‘zbekiston birinchi Prezidenti I.A. Karimov temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilishi marosimida shunday degan edi: «Kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak!» (Karimov I.A. Amir Temur tarixi haqida so‘z. – B. 27.). Birinchi Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida shunday deyiladi “… buyuk bobolarimizning ma’naviy olami xususida fikr yuritilganda, Sohibqiron Amir Temur haqida alohida to‘xtalishimiz tabiiydir. Chunki tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zidan ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi.”Sohibqiron Amir Temur hazratlari – millatimizning suyangan tog’laridan biri, xalqimizning abadiy faxri va g’ururidir. Ul zot Turonzaminni mo‘g’ullar istilosi asoratidan ozod etdi, mamlakat va xalq daxlsizligini, tinchligini va osoyishtaligini, obodlik va farovonlikda rivojlanishini to‘liq va ishonchli kafolatlay oladigan markazlashgan qudratli davlatni vujudga keltirdi, uning amru irodasi ostida bu yerda hayot har taraflama gullab-yashnadi. Turonzamin Amir Temur davrida Buyuk Ipak yo‘lining qaynoq, gavjum, fayzli-barakali go‘shalardan biriga aylandi.Amir Temur va temuriylar davrida yashagan muarrixlar Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy, Mirxond, Ibn Arabshoh, Muiniddin Nataniy va boshqa qator mualliflarning aksariyati o‘sha davrda yashaganliklari uchun bo‘lib o‘tgan voqyea va hodisalarni uning bevosita hamda bilvosita shohidlari sifatida jonli va ishonchli tarzda bayon qilingan.